Shartlar
Foydalanish shartlari
Tahrir 2.0 · 09.10.2026
Ushbu Foydalanish shartlari (bundan buyon — «Shartlar») «ADL TECH» mas'uliyati cheklangan jamiyati (STIR 313328699, manzil: Xorazm viloyati, Bog'ot tumani, «Oq Oltin» MFY, Istiqlol 1-tor ko'chasi, 57-uy; bundan buyon — «Ijrochi») tomonidan «Qonun AI» platformasi — qonun.ai veb-sayti va uning kichik domenlari, Telegram-bot, Telegram Mini App hamda iOS va Android mobil ilovalari (bundan buyon birgalikda — «Platforma») dan foydalanish tartibini belgilaydi.
Shartlar Platformaning har qanday foydalanuvchisiga — ro'yxatdan o'tgan-o'tmaganidan va pullik Tarifga ega-ega emasligidan qat'i nazar — tatbiq etiladi. Platformani ochish yoki undan har qanday shaklda foydalanish ushbu Shartlarga to'liq va so'zsiz rozilikni anglatadi. Shartlarga rozi bo'lmagan shaxs Platformadan foydalanishni darhol to'xtatishi lozim.
Pullik xizmatlarga nisbatan Shartlar bilan birga Ommaviy oferta (qonun.ai/oferta), shaxsga doir ma'lumotlarga nisbatan esa Maxfiylik siyosati (qonun.ai/maxfiylik) qo'llanadi. Uchala hujjat yagona majburiy to'plamni tashkil etadi.
Platforma nima va nima emas
- Qonun AI — sun'iy intellekt texnologiyalari asosida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Lex.uz milliy bazasi bo'yicha ma'lumot qidirish, savollarga javob olish, hujjat loyihalarini shakllantirish, hujjatlarni tahlil qilish, huquqiy muddatlarni hisoblash, yaqin sud va boshqa organlarni topish hamda Mutaxassislar (advokatlar va yuristlar) bilan bog'lanish imkonini beruvchi axborot-texnologik xizmat.
- Platforma quyidagilar emas: (a) advokatlik tuzilmasi yoki yuridik firma — Ijrochi advokatlik faoliyatini amalga oshirmaydi va yuridik yordam ko'rsatmaydi; (b) davlat organi yoki uning vakili — javoblar rasmiy talqin yoki davlat xizmati hisoblanmaydi; (c) sud, notariat yoki boshqa yurisdiksion organ o'rnini bosuvchi vosita; (d) muayyan natijani (sudda yutish, hujjat qabul qilinishi, nizoning hal bo'lishi) kafolatlovchi xizmat.
- Javoblar tavsiyaviy. Platformadagi barcha xizmatlar tavsiyaviy va yo'naltiruvchi xarakterga ega. AI javoblari yuridik majburiy kuchga ega emas va yuridik ahamiyatga ega qarorlar uchun yagona asos bo'la olmaydi. Javobda ko'rsatilgan qonun, modda va Lex.uz havolasi orqali ma'lumotni tekshirish, o'rganib qaror qabul qilish va shunga qarab harakat qilish Foydalanuvchining zimmasida. Muhim qarorlardan oldin advokat yoki notarius bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
- Advokat va yurist farqi. «Advokatlar» bo'limida amaldagi litsenziyaga ega Advokatlar va oliy yuridik ma'lumotli Yuristlar profil yuritadi. Har bir profilda maqom aniq ko'rsatiladi. Jinoyat ishlari bo'yicha himoya, ushlab turish va tergov bilan bog'liq so'rovlar faqat Advokatlarga yo'naltiriladi. Mutaxassislar o'z xizmatlari uchun shaxsan javobgar; Ijrochi ular o'rtasida axborot vositachisi hisoblanadi.
Foydalanish huquqi va hisob
- Ijrochi Foydalanuvchiga Platformadan shaxsiy yoki ichki xo'jalik ehtiyojlari uchun noeksklyuziv, boshqaga o'tkazilmaydigan va Shartlarda nazarda tutilgan hollarda qaytarib olinishi mumkin bo'lgan foydalanish huquqini beradi.
- Platformadan 18 yoshga to'lgan va to'liq muomala layoqatiga ega shaxslar foydalanadi. 18 yoshga to'lmagan shaxs ro'yxatdan o'tgani aniqlansa, Ijrochi hisobni o'chirishga haqli.
- Kirish Telegram, telefon raqami, Google hisobi yoki Platformada ko'rsatilgan boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. Hisob shaxsiy hisoblanadi; hisob orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar Foydalanuvchining harakatlari deb hisoblanadi. Foydalanuvchi o'z Telegram, Google hisobi va qurilmasi xavfsizligi uchun o'zi javob beradi; ruxsatsiz kirish gumon qilinsa, barcha qurilmalardan chiqishi va Ijrochini darhol xabardor qilishi lozim.
Taqiqlangan harakatlar
- Huquqiy suiiste'mol: (a) Platformadan jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etish, rejalashtirish yoki yashirish maqsadida foydalanish; (b) uchinchi shaxslarni aldash yoki ularga zarar yetkazish uchun hujjat yoki ma'lumot tayyorlash; (c) AI javoblarini sudga, davlat organlariga yoki uchinchi shaxslarga «rasmiy yuridik xulosa» yoki «advokat xulosasi» sifatida taqdim etish; (d) boshqa shaxs nomidan ro'yxatdan o'tish.
- Texnik suiiste'mol: (e) Platforma ishiga xalaqit berish, zaifliklarni izlash, himoya vositalarini chetlab o'tish; (f) avtomatlashtirilgan vositalar (bot, parser, skript) bilan ommaviy so'rovlar yuborish va ma'lumotlarni yig'ish; (g) dekompilyatsiya qilish, kodni tiklash, klon yaratish; (h) hisoblarni sotish, ijaraga berish yoki Tarifda nazarda tutilmagan jamoaviy foydalanish; (i) ko'plab hisoblar ochish orqali limitlarni chetlab o'tish.
- Kontent suiiste'moli: (j) zararli kod, spam yoki qonunga zid materiallar yuklash; (k) davlat siri, boshqa shaxsning tijorat siri yoki uchinchi shaxslarning shaxsiy ma'lumotlarini ruxsatsiz kiritish; (l) parol, bank kartasi raqami va boshqa maxfiy kirish ma'lumotlarini yuborish; (m) «Qonun AI» brendi ostida ruxsatsiz xizmat ko'rsatish yoki o'zini Ijrochi vakili sifatida tanishtirish.
- Mutaxassislar uchun: so'rov qabul qilinguniga qadar Mijoz bilan Platformadan tashqarida bog'lanishga urinish; profilda noto'g'ri maqom ko'rsatish; Yuristning o'zini advokat deb atashi yoki jinoyat ishlari bo'yicha himoyachi sifatida so'rov qabul qilishi.
- Ushbu bo'lim buzilganda Ijrochi ogohlantirishsiz kirishni cheklash yoki to'xtatish, hisobni bloklash, to'langan mablag'ni qaytarmasdan xizmatni bekor qilish, yetkazilgan zararni undirish va zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish choralarini qo'llashga haqli. Buzuvchi shaxs O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko'rsatilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Tomonlarning huquq va majburiyatlari
- Foydalanuvchi haqli: Platformadan Shartlar doirasida foydalanishga; qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishga; chatlarini va hisobini o'chirishga; xato yoki noto'g'ri javob haqida xabar berishga.
- Foydalanuvchi majbur: ishonchli ma'lumot berish; Platformadan qonuniy maqsadlarda foydalanish; javoblarni qaror qabul qilishdan oldin tekshirish; 3-bo'limdagi taqiqlarga rioya qilish; Shartlarni buzishi natijasida Ijrochiga yoki uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararni to'liq qoplash.
- Ijrochi majbur: Platformaning ishlashini oqilona darajada ta'minlash; Foydalanuvchi ma'lumotlarini Maxfiylik siyosatiga muvofiq himoya qilish; murojaatlarga ish vaqtida, qoida tariqasida, 24 soat ichida javob berish; uzoq muddatli texnik ishlar haqida imkon qadar oldindan xabar berish.
- Ijrochi haqli: Platformani o'zgartirish, funksiyalarni qo'shish yoki olib tashlash; bepul funksiyalar hajmi va limitlarini o'zgartirish; Shartlarni buzgan hisoblarni cheklash yoki bloklash; Mutaxassis profillarini moderatsiya qilish; sharhlarni o'chirish; Shartlarni bir tomonlama o'zgartirish.
- Ijrochi xodimlari. Ijrochi xodimlari va jalb qilingan pudratchilar Foydalanuvchi ma'lumotlariga faqat vazifasini bajarish uchun zarur hajmda kira oladi va maxfiylik majburiyatini olgan. Xodimlarning javoblarni sifat nazorati maqsadida ko'rib chiqishi advokatlik yordami hisoblanmaydi.
Intellektual mulk
- Platforma, uning kodi, dizayni, interfeysi, «Qonun AI» nomi va logotipi, hujjat shablonlari bazasi va ma'lumotlar tuzilmalari Ijrochining mutlaq huquqlari obyekti hisoblanadi. Ijrochining yozma ruxsatisiz ulardan foydalanish taqiqlanadi.
- Foydalanuvchi kiritgan materiallar unga tegishli bo'lib qoladi. Foydalanuvchi Ijrochiga ularni xizmat ko'rsatish, texnik yordam va xizmat sifatini oshirish maqsadida qayta ishlash uchun bepul litsenziya beradi.
- Foydalanuvchi uchun yaratilgan hujjat loyihalaridan u o'z ehtiyojlari uchun erkin foydalanadi; shablonlarni yig'ib, mahsulot sifatida sotish taqiqlanadi. Qonun hujjatlari matnlari davlat mulki bo'lib, ularning rasmiy manbai — Lex.uz.
Xizmatning mavjudligi
- Platforma «qanday bo'lsa, shundayligicha» va «mavjud bo'lganicha» taqdim etiladi. Ijrochi uzluksiz va xatosiz ishlashga kafolat bermaydi.
- «Beta» yoki «sinov» deb belgilangan funksiyalar barqaror ishlashi kafolatlanmaydi va ogohlantirishsiz o'zgartirilishi yoki o'chirilishi mumkin.
- Platformada uchinchi shaxs resurslariga (Lex.uz, davlat xizmatlari, to'lov tizimlari, xaritalar, Mutaxassis profillari) havolalar bo'lishi mumkin. Ijrochi ularning mazmuni va ishlashi uchun javobgar emas.
Javobgarlik
- Foydalanuvchi Platformadan olingan har qanday ma'lumotdan faqat o'z tavakkalchiligi va to'liq javobgarligi ostida foydalanadi.
- Ijrochi quyidagilar uchun javobgar emas: (a) AI javoblaridagi noaniqlik, xato yoki eskirgan ma'lumot asosida qabul qilingan qarorlar oqibatlari; (b) o'tkazib yuborilgan muddatlar; (c) hujjat loyihalarining qabul qilinmasligi; (d) ovozli murojaatning noto'g'ri tanib olinishi; (e) texnik nosozlik, qonunchilik o'zgarishlarining bazada hali aks etmagani, internet, qurilma, Telegram, AI provayderlari va boshqa uchinchi shaxs xizmatlaridagi uzilishlar; (f) kiberhujumlar va boshqa fors-major holatlari; (g) Foydalanuvchi kirish ma'lumotlaridan uchinchi shaxslar foydalanishi; (h) Mutaxassislarning harakatlari va xizmatlari; (i) har qanday bilvosita zarar, boy berilgan foyda va yo'qotilgan imkoniyatlar.
- Har qanday holatda Ijrochining jami javobgarligi zarar yuzaga kelgan hisob davri uchun Foydalanuvchi haqiqatda to'lagan summa bilan, bepul foydalanuvchilar oldida esa qonunchilikda yo'l qo'yilgan minimal daraja bilan cheklanadi.
- Ushbu bo'lim qonunchilikda yo'l qo'yilgan maksimal darajada qo'llaniladi, qonunning imperativ normalari bilan cheklanishi mumkin bo'lmagan hollar bundan mustasno.
Shartlarning o'zgarishi va amal qilishi
- Ijrochi Shartlarga bir tomonlama o'zgartirish kiritishga haqli. Yangi tahrir qonun.ai/shartlar sahifasida e'lon qilingan kundan kuchga kiradi; e'londan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirga rozilik hisoblanadi.
- Shartlarning biror qoidasi haqiqiy emas deb topilsa, qolgan qoidalar kuchda qoladi.
- Shartlarga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo'llaniladi. Nizolar avval talabnoma tartibida (javob muddati — 15 ish kuni), hal etilmasa — Ijrochi joylashgan yerdagi vakolatli sudda ko'rib chiqiladi; iste'molchi bo'lgan Fuqaroning qonunda belgilangan sudlovni tanlash huquqi bundan mustasno.
- Murojaatlar: info@qonun.ai · Telegram @qonunai_admin · tel. +998 95 574 07 77.
«ADL TECH» MChJ · STIR 313328699 · Xorazm viloyati, Bog'ot tumani, «Oq Oltin» MFY, Istiqlol 1-tor ko'chasi, 57-uy · info@qonun.ai · +998 95 574 07 77
Shuningdek qarang: Maxfiylik siyosati · Ommaviy oferta.